Content text Xalqaro xususiy huquqda yurisdiksiya. Allayorov J. 2024.pdf
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI TOSHKENT DAVLAT YURIDIK UNIVERSITETI J.T. ALLAYOROV XALQARO XUSUSIY HUQUQDA YURISDIKSIYA Oʻquv qoʻllanma Toshkent – 2024
2 UOʻK: 341.9:34(075.8)(575.1) KBK 67.412.2ya73 A 52 Taqrizchilar: X. Abduraxmonova – Bojxona instituti Umumuhuquqiy fanlar kafedrasi professori v.b., yuridik fanlar doktori; O. Xazratqulov – Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro xususiy huquq kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi. J.T., Allayorov A 52 Xalqaro xususiy huquqda yurisdiksiya [Matn] oʻquv qoʻllanma / J.T. Allayorov. – T.: TDYU nashriyoti, 2024. – 96 b. Ushbu oʻquv qoʻllanmada xalqaro xususiy huquq fanining “Xalqaro xususiy huquqda yurisdiksiya” mavzusi doirasida xalqaro sudlovlilik tushunchasi, xalqaro fuqarolik protsessining huquq tizimidagi oʻrni, xalqaro sudlovlilik turlari toʻgʻrisida maʻlumot beriladi. Shuningdek, mazkur oʻquv qoʻllanma talabalarning ushbu mavzular boʻyicha mustaqil taʼlim olish koʻnikmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻquv qoʻllanma yurisprudensiya taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan oliy oʻquv yurtlari talabalari, amaliyotchi va ilmiy xodimlar uchun moʻljallangan. Mazkur oʻquv qoʻllanma Toshkent davlat yuridik universiteti rektorining 2022-yildagi 28-dekabrdagi 412-um-sonli buyrug‘iga asosan nashrga tavsiya etilgan (ro‘yxatga olish raqami – 412-71). ISBN 978-9910-788-16-1 © J.T. Allayorov, 2024-y. © TDYU 2024-y.
4 KIRISH Yurtimizning dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuv jarayo- nining ortib borishi ilm-fan sohasining globallashib, oʻzaro aloqalarning keng yoyilishi xalqaro miqyosda xususiy turdagi munosabatlarning oʻsish sur’ati jadallashishiga turtki boʻlmoqda. Xususiy turdagi munosabatlar sonining oʻsib borishi, oʻz navbatida, xalqaro xususiy tabiatga ega boʻlgan nizolar koʻpayishini, sudlar oldiga chet el elementi bilan murakkablashgan xususiy nizolarni oʻz vaqtida qonuniy va adolatli hal qilish masalasi qoʻyilishini keltirib chiqaradi. Bunday turdagi ishlarning toʻgʻri, adolatli va oʻz vaqtida hal qilinishi sudlar oldiga qoʻyilgan vazifalarning toʻliq bajarilayotganini koʻrsatibgina qolmay, xorijiy mamlakatlar jismoniy va yuridik shaxslarining qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishining muhim indikatori ham hisoblanadi. Shu bilan birga, chet el investorlari uchun mamlakatimiz jozibadorligi oshishiga hamda fuqarolarimizning xorijda buzilgan huquqlarini himoya qilish imkoniyati kengayishiga xizmat qiladi. Chet el elementi bilan murakkablashgan xususiy turdagi fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarining adolatli va qonuniy hal qilinishi, milliy sudlar tomonidan chiqarilgan sud qarorlarining xorijiy mamlakatlarda ham ijro etilishi, xorijiy shaxslarning huquq va manfaatlari sud orqali toʻlaqonli himoya qilinishi masalalari sudlar tomonidan xalqaro sudlovlilik qoidalari toʻgʻri qoʻllanishi bilan bogʻliq. Mazkur oʻquv qoʻllanma xalqaro xususiy huquqning mustaqil tarmogʻi boʻlgan xalqaro fuqarolik protsessi doirasida oʻrganiladigan xalqaro yurisdiksiya masalalariga bagʻishlanadi. Shuningdek, sohaga oid nazariya va amaliyot materiallarini tizimli ravishda va oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini tashkil va tahlil etishga, talabalarda mustaqil ishlash koʻnikmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.